Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko jangarilar o‘tkazmoqchi bo‘lgan saylovlar mamlakat qonunlariga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Bu haqda “Segodnya” xabar bermoqda.

Pyotr Poroshenko. Foto: kun.uz

Pyotr Poroshenko. Foto: kun.uz

Ukraina rahbari Donbassdagi saylovlar Ukraina qonunchiligiga to‘liq rioya qilgan holda o‘tkazilishi lozimligini, bundan boshqa yo‘l yo‘qligini aytdi.

“Markaziy saylov komissiyasi (saylov o‘tkazish uchun) barcha yordamni ko‘rsatadi. (Saylovlarda) xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etib, ko‘chalarda qurolli odamlar bo‘lmaydi. Terroristik tashkilotlar tomonidan belgilangan qolgan barcha saylovlar Ukraina qonunlariga to‘g‘ri kelmasa va ularda kuzatuvchilar qatnashmasa, shuningdek, ovoz beruvchilarning haq-huquqlari buzilsa, uni Ukraina ham, butun dunyo ham va, umid qilamanki, Rossiya ham tan olmaydi. Biz saylovlarni o‘tkaza olishimizga ishonchim komil, negaki ular Ukraina va Donbass manfaatlari doirasidadir. Saylovsiz siyosiy inqirozdan qutilishning iloji yo‘q”, — dedi Pyotr Poroshenko.

Bundan tashqari, Ukraina prezidenti 7-dekabr kuni mahalliy saylovlar o‘tkazilishi kutilayotgan Donetsk va Lugansk viloyatlarining alohida tumanlarida o‘zini o‘zi boshqarishning maxsus tartibini joriy qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolashni rejalashtirmoqda.

“Oliy Radani qayta saylash to‘g‘risidagi qarorni men qabul qildim. Menga ishonavering, mahalliy kengash deputatlari borasida ikkilanmayman va bu qonun imzolanadi”, — deb qo‘shimcha qildi Poroshenko.

Eslatib o‘tamiz, 16-sentabr kuni Ukraina Oliy Radasi yopiq majlisda Donetsk va Luganskning alohida tumanlarida uch yil muddatga o‘zini o‘zi boshqarishning maxsus tartibini joriy qilish to‘g‘risidagi, shuningdek, mazkur hududlarda joriy yilning 7-dekabr kuni navbatdan tashqari mahalliy saylovlar o‘tkazilishi haqidagi Prezident qonunini qabul qildi.