London universiteti professori Aleksey Chervonenkis Moskvadagi “Losiniy ostrov” bog‘i hududida adashib qolib, halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Interfax.

Foto: habrahabr.ru

Foto: habrahabr.ru

76 yoshli olim 21-sentabr kuni “Losinoostrovskaya” platfomasi bo‘ylab sayrga chiqib ketadi, biroq qorong‘i tushgach ham uyiga qaytib kelmaydi. Kechasi u qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, adashib qolganini ma’lum qiladi.

“Zudlik bilan qidiruv otryadi tuzildi. U mutaxassislar bilan birgalikda professorning 100 dan ortiq hamkasb va talabalaridan iborat bo‘ldi, biroq qidiruvlar muvaffaqiyat keltirmadi. Olimning jasadi ertasi kuni vertolyot yordamida topildi”, — deyiladi London universiteti saytida.

Podmoskovye politsiyasi xabariga ko‘ra, aniqlangan jasadda zo‘ravonlik belgilari bo‘lmagan. Huquqni muhofaza qilish organlarining aniqlik kiritishicha, Aleksey Chervonenkis sovqotishdan halok bo‘lgan.

Marhum professorning xotini aytishicha, u yaqinda jiddiy operatsiyani boshidan kechirgan, shu tufayli uning organizmi zaiflashib qolgan bo‘lgan.

Aleksey Chervonenkis 1938-yil 7-sentabrda tug‘ilgan. U Rossiya Fanlar akademiyasining Boshqaruv muammolari universitetida yetakchi xodim, shuningdek London universiteti kollejida professor bo‘lib ishlagan. Olim matematik statistika, mashina bilan o‘qitish nazariyasi va uning qo‘llanilishi bilan shug‘ullangan. U matematik Vladimir Vapnik bilan birgalikda o‘zlarining empirik ma’lumotlar bo‘yicha bog‘lanishlarni qayta tiklash statistik nazariyasini ishlab chiqqan, u Vapnik-Chervonenkis nazariyasi deb ataladi.