O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2014-yilning 19-sentabr kuni “Axborot tizimlari va dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish sohasiga chet el investitsiyasini jalb qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Mazkur qarorga muvofiq, LG CNS Uzbekistan qo‘shma korxonasi joriy yilning oxiriga qadar o‘z faoliyatini boshlaydi.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, LG CNS Uzbekistan korxonasi hamkorlikda mahalliy dasturiy mahsulot ishlab chiquvchilarini jalb qilgan holda mamlakatimizda ehtiyoj mavjud dasturiy mahsulotlarni mahalliylashtirishi belgilangan.

LG korporatsiyasi tomonidan 1987-yilda asos solingan LG CNS kompaniyasi bugunga kelib axborot texnologiyalari sohasining konsalting, tizim va tarmoq integratsiyasi, biznes jarayoni va axborot texnologiyalari autsorsingi, kompyuter injeneringi va boshqa qator yo‘nalishlarda jahonning yetakchi muassasalaridan biriga aylandi. LG CNS ayni vaqtda Koreya Respublikasida axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatuvchi eng yirik kompaniya hisoblanadi.

Kompaniya Koreya hukumati va iqtisodiyoti, aholi turmush tarzi va sanoatini avtomatlashtirishga oid tadbirlarning aksariyatini, xususan Koreya milliy iqtisodiyot axborot tizimi, markazlashgan milliy soliq tizimi, milliy patentlashtirish tizimi, elektron pasport va fuqarolarni ro‘yxatga olish tizimi, pochta va logistika tizimi va boshqa ahamiyatli loyihalarni amalga oshirgan.