Oktabr oyidan boshlab Polshadagi mahbuslarga do‘st va qarindoshlari bilan aloqada bo‘lib turish uchun Skype internet-telefoniya xizmatidan foydalanishga ruxsat berildi, deya xabar bermoqda “TASS”.

Foto: nationalpost.com

Foto: nationalpost.com

Ushbu loyiha tashabbuskorlarining aytishicha, “qamoqxona xizmati zamon bilan hamnafas holda ish ko‘rmoqda va mahbuslarning o‘z yaqinlari bilan muloqotda bo‘lishini yengillashtirmoqchi”. Avval mahbuslar faqat xat yozishi, ba’zan qo‘ng‘iroq qilishi va juda kamdan-kam hollarda yuzma-yuz uchrashishi mumkin edi.

Yangi usul dastlab Polshadagi turmalardan faqat bittasida sinab ko‘rildi. Rahbariyat zamonaviy texnologiyalarning faqat ijobiy jihatini ko‘rgach, bu aloqa vositasini mamlakatdagi boshqa shunday muassasalarga joriy etishga qaror qilindi.

Belgilangan me’yorlarga ko‘ra, Skype’dan birinchi navbatda, 15 yoshgacha bo‘lgan farzandlari bor mahbuslar, shuningdek chet elliklar va qandaydir sabablarga ko‘ra kamdan-kam xabar olinadigan mahbuslar foydalanishi mumkin. Ular Skype orqali o‘rtacha bir oyda bir necha marta qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishi mumkin. Qo‘ng‘iroqlar soni qamoqxona turi va mahbus kategoriyasidan kelib chiqib belgilanadi.