Xitoy janubidagi Guandun provinsiyasida denge bezgagi bilan kasallanganlar soni 21 527 kishiga yetgan va olti kishi halok bo‘lgan, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Foto: AP

Foto: AP

Avvalroq kasallanganlar soni 18 ming, halok bo‘lganlar 4 kishini tashkil etgani haqida xabar qilingan edi. Mahalliy sog‘liqni saqlash departamenti har kuni mingdan ortiq yangi kasallarni ro‘yxatdan o‘tkazyapti.

Yuqori darajadagi harorat va namlik, shuningdek tropik pashshalarning haddan tashqari ko‘pligi natijasida tarqaladigan epidemiyaga qarshi ishonchli vaksinalar ham, dorilar ham hali topilmagan. Tana haroratining to‘satdan ko‘tarilib, bosh va bo‘g‘inlardagi kuchli og‘riqlar bilan bir hafta davom etadigan bu bezgak bilan yiliga tropik va subtropik hududlarning 50—100 million aholisi kasallanishi aniqlangan.

Provinsiyaning ma’muriy markazi bo‘lgan Guanchjou shahrida kasallanganlarning eng ko‘p qismi joylashgan. Pashshalar nazorati uchun 450 ga yaqin maxsus stansiyalar tashkil etilganiga qaramay, mutaxassislar kasallik tarqatuvchi hasharotlar havo harorati pasayganidagina kamayishini aytmoqda. Xitoy hukumati Guandun, Fuszyan va Yunnan provinsiyalariga, shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga safar qiluvchilarga pashshalardan himoya vositalaridan foydalanishni tavsiya qilmoqda.