Rossiya Amerika iltimos qilib qolsa, Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga zarur yuklarni tezkorlik bilan yetkazishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda “Roskosmos” vakili Aleksey Krasnovga tayanib “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: Associated Press

Foto: Associated Press

Rossiya tomoni yuk tashuvchi sifatida “Progress” seriyasidagi kemalardan foydalanishni taklif qildi.

Krasnovning bunday bayonoti yaqinda orbitaga XKS uchun yuk olib chiqishi kerak bo‘lgan AQShning Antares eltuvchi raketasining portlab ketgani bilan bog‘liqdir.

“Biz har yili to‘rtta kema uchiramiz, zarur bo‘lsa, beshinchisini ham ishga tushirishimiz mumkin”, — dedi Krasnov.

AQSh Sharqiy sohillari vaqti bilan 28-oktabr kuni 18:22 da (Toshkent vaqti bilan 29-oktabr 3:22 da) Uolles orolidagi kosmodromdan Antares eltuvchi raketasi uchirildi, biroq bir necha soniya o‘tmasdan u portlab ketib, yerga qulab tushdi.