Vengriyada davlat tomonidan internetga qo‘yilgan soliqqa qarshi navbatdagi namoyish bo‘lib o‘tdi. O‘n minglab kishi Vengriya ko‘chalariga chiqdi, deb xabar berdi “TASS”.

Foto: EPA

Foto: EPA

Eng katta norozilik namoyishi Budapesht shahri markazida bo‘lib o‘tdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar u yerdagi mitingda minglab kishi qatnashganini ma’lum qildi. Ular marsh bilan shahar bo‘ylab yurib, parlament binosi qarshisida to‘xtagan. Yirik namoyishlar Dyor, Pech, Debretsen va Seged shaharlarida ham bo‘lgan.

Bu turdagi aksiya birinchi marta Budapeshtda 26-oktabr, yakshanba kuni bo‘lgan edi. O‘sha paytda, e’tirozchilar hukumatga 48 soat ichida bu qarordan voz kechish shartini qo‘ygan edi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, foydalanuvchi ko‘chirib olingan har bir gigabayt uchun 150 forint (0,5 yevro) soliq to‘lashi kerak. Seshanba kuni Vengriya parlamentida qonunga tuzatish kiritish va soliq darajasini so‘nggi qiymatini qayd etish bo‘yicha taklif haqida so‘z yuritilgan bo‘lsa-da, bu navbatdagi norozilik namoyishini bartaraf qila olmadi.

Eng yuqori chegara jismoniy shaxslar uchun oyiga 700 forint (2,27 yevro), yuridik shaxslar uchun esa 5 ming forint (16,19 yevro) tashkil etishi nazarda tutilgan. Bosh vazir Viktor Orban boshchiligidagi “FIDES” partiyasi ishlab chiqqan qonun loyihasi bo‘yicha parlamentda ovoz berish 18-noyabrda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.