Rossiyaning Omsk viloyati hakamlar sudi yakka tadbirkor, Spring firmasi xo‘jayini Oleg Sirikidzening Coca-Cola kompaniyasiga qarshi da’vosini qondirdi, deya xabar bermoqda “Kommercheskiye vesti”.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

Biznesmen Amerika kompaniyasidan ichimlik idishi dizayni plagiati ayblovi bo‘yicha da’volashuv davomida ketkazilgan sud xarajatlari badali sifatida 280 ming rubl oladi.

2013-yilda Coca-Cola Sirikidzening korxonasi ustidan sudga shikoyat qilib, u ishlab chiqarayotgan “Sarskiy bochonok” kvas ichimligi idishi Coca-Cola idishining shaklini takrorlayotganini aytgan. Har ikkala ichimlik idishini solishtirib ko‘rgach, Omsk viloyati arbitraj sudi da’voni qondirishdan bosh tortgan.

Yana bir necha marta sudda yutqazgach, Coca-Cola nazorat tartibida ishni qayta ko‘rib chiqish haqidagi arizani Rossiya Federatsiyasi Oliy arbitraj sudiga yubordi. Oliy arbitraj sudi shikoyatni ko‘rib chiqishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng Sirikidze sudlashishga ketgan mablag‘ini qaytarib olish maqsadida qarshi da’vo berdi. 28-oktabr kuni Omsk sudi ushbu da’voni qondirdi.