Londondagi kimoshdi savdosida Antonio Stradivari yasagan skripka 1 million dollar (628 ming funt sterling) ga sotildi. Bu haqda auksion tashkilotchisi “Ingles va Heydey”ga tayanib “TASS” xabar berdi.

Arxiv. Foto: AP

Arxiv. Foto: AP

Cholg‘u asbobining boshlang‘ich narxi 225-290 mingga baholangan. Xaridor ismi ma’lum qilinmayapti.

“Bu skripka o‘zgacha tarixga ega. U beshinchi Malboro gersogiga tegishli bo‘lgan”, — deya ta’kidladi auksion vakillaridan biri. Gersog Uinston Cherchillning buvasining buvasi bo‘lgan. Asbob mashhur italiyalik ixtirochi Gulyelmo Markonining akasi Alfonso Markoniga ham xizmat qilgan.

So‘nggi yillarda jahon bozorida Stradivari yasagan asboblar narxi oshdi. Sababi, 2011-yilda “Blant xonim” nomi bilan mashhur bo‘lgan skripka 15,9 million dollarga sotilgan.

Stradivari skripkalari narxi faqatgina ularning yaroqlilik holatiga qarab emas, balki yasalgan davriga qarab ham baholanadi. Stradivarining “oltin davri” hisoblangan 1700—1725-yillarda yasagan musiqa asboblari qimmatroq baholanadi.

Ustaxonada Stradivari hayotligida yasalgan turli xildagi musiqa asboblaridan 650 tasi saqlanib qolgan, ulardan 512 tasi skripka. Mutaxassislar fikriga ko‘ra usta umri davomida 1100 ta musiqa asbobi yasagan.