Burkina-Faso qurolli kuchlari qo‘mondoni general Onore Traore o‘zini davlat rahbari deb e’lon qildi, deya xabar bermoqda “Kun” Reuters axborot agentligiga tayanib. Bu 31-oktabr, juma kuni mamlakat prezidenti Blez Kompaore o‘z iste’fosini e’lon qilganidan so‘ng sodir bo‘lgan.

Foto: AFP

Foto: AFP

Kompaore o‘z bayonotida 90 kundan kechiktirmay mamlakatda “erkin va shaffof” prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini ma’lum qilgandi. Axborot agentligining diplomatik doiralardagi ikki manbasi va mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kompaore qurolli soqchilar hamrohligida Ganaga yo‘l olgan.

30-oktabr kuni Burkina-Fasodagi namoyishchilar mamlakat parlamenti binosini egallab olgandi. Shundan so‘ng prezident Kompaore hukumatni tarqatib yuborib, mamlakatda favqulodda holat rejimini joriy etgandi. Xuddi shu kuni general Onore Traore Milliy assambleya tarqatib yuborilishini va faoliyati bir yildan oshmaydigan o‘tish davri hukumati shakllantirilishini ma’lum qilgandi.

Burkina-Faso poytaxti Uagadugudagi ommaviy norozilik namoyishlari 28-oktabr, seshanba kuni boshlandi. Aholi hokimiyat tepasida 1987-yildan beri o‘tirgan prezident Kompaorening vakolat muddatlarini uzaytirishga nisbatan norozilik bildirib, ko‘chalarga chiqdi.