Vladimir Putinning prezidentlik lavozimidagi faoliyatini rossiyaliklarning 88 foizi ma’qullaydi. Bu haqda “Levada” markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga tayanib, “Vedomosti” xabar berdi. So‘ralganlarning 11 foizi esa prezident faoliyatini ma’qullamaydi.

Foto: telegraph.co.uk

Foto: telegraph.co.uk

Putinni ma’qullash reytingi 2014-yil martidan (72%) avgustigacha (87%) oyma-oy o‘sib bordi. Avgust oxiriga kelib, ushbu reyting biroz tushdi (84%). “Levada” markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 88 foiz Putinni ma’qullash reytingida rekord ko‘rsatkichdir.

Bundan tashqari, ushbu markazning eng ishonchli siyosatchilar va jamoat arboblari bo‘yicha so‘rovida Putin eng ko‘p  — 60% ovozlarni to‘plagan. Undan keyingi o‘rinlarni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu (26%), bosh vazir Dmitriy Medvedev (20%), tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (19%), LDP yetakchisi Vladimir Jirinovskiy (12%) egallagan.

Sentabrdagi so‘rovlar, shuningdek, so‘ralganlarning 49 foizi prezidentlik saylovlarida Putinga ovoz berishga tayyorligini ko‘rsatdi. Ta’kidlash joiz, avgustda ushbu ko‘rsatkich 57 foizga teng bo‘lgan.