O‘zbekistonda bo‘lib turgan Rossiya imperatorlik uyi (RIU) devonxonasi maslahatchisi Kirill Nemirovich-Danchenko 31-oktabr kuni RIU rahbari Buyuk knyaz ayoli Romanova Mariya Vladimirovna Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning avlodi ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda “Regnum” axborot agentligi xabar bermoqda.

Romanova Mariya Vladimirovna. Foto: ria.ru

Romanova Mariya Vladimirovna. Foto: ria.ru

“Bu ‘Ming bir kecha’ ertagi emas, butun musulmon olami tomonidan tan olingan yuridik faktdir. Dunyoda payg‘ambar avlodi ekanligi isbotlangan bir necha o‘nlab kishilar yashaydi. Shunday bo‘lib chiqdiki, Romanovlar sulolasi vakillarida ham Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning qoni oqmoqda”, — dedi Nemirovich-Danchenko.

Devonxona maslahatchisi hozirda Buyuk knyaz ayoli Mariya Vladimirovnaning 3—15-noyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurishi uchun tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.

Nemirovich-Danchenkoning ta’kidlashicha, Mariya Vladimirovna O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya imperatorlik uyi rahbarlaridan birinchisi bo‘ladi. O‘zbekistonga tashrifi doirasida Buyuk knyaz ayolining Urganch, Xiva, Samarqand, Qo‘qon va Buxoro shaharlarini, mazkur shaharlardagi pravoslav ibodatxonalarini ziyorat qilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Mariya Vladimirovna O‘zbekiston TIV vakillari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlar idorasi rahbariyati hamda rossiyaliklar bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.