27-oktabr kuni rossiyalik astronom olimlar tomonidan aniqlangan asteroid yaqin ikki yil davomida Yerga xavf solmaydi. Bu haqda Sibir davlat geodeziya akademiyasi qoshidagi planetariya mutaxassisi Viktoriya Dammga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

“2014 UR116 asteroidining aniq trayektoriyasini aniqlash hozircha mumkin emas. Biroq u haqiqatan Yer bilan, shuningdek Mars va Venera bilan to‘qnashishi mumkin”, — dedi Damm.

Uning aytishicha, ushbu asteroid doimiy ravishda Yer, Venera va Mars ta’siri ostida bo‘ladi. Masalan, agar u Mars yonidan uchib o‘tsa, harakat trayektoriyasi o‘zgarib ketadi. Shu tufayli to‘qnashuv yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muddat hozircha noma’lum, biroq bu yaqin ikki yil ichida sodir bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada yagona bo‘lgan, mahalliy mutaxassislar tomonidan yaratilgan “Master” teleskop robotlar tarmog‘i potensial xavfli bo‘lgan asteroidni kashf qilgan edi.

U Yer bilan to‘qnashgan taqdirda, Chelyabinskdagi meteorit portlashidan ming marta kuchli portlash yuzaga kelishi mumkin.

370 metrli yangi asteroid 2014 UR116 nomini oldi. U “Master” tarmog‘i tomonidan aniqlangan uchinchi va eng yirik shunday obyektdir. Qolgan ikkita asteroid — 2013 SW24 va 2013 UG1’ning hajmlari tegishli ravishda 250 va 125 metrga teng.