Rossiya Badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti Irina Viner o‘zining Hello Magazine’ga bergan intervyusida turmush o‘rtog‘i − milliarder Alisher Usmonov to‘g‘risidagi o‘z fikrlarini bildirdi.

Foto: Hello Magazine

Foto: Hello Magazine

“Turmush o‘rtog‘im chaqirmaguncha men ishlayveraman. Uning ko‘p chaqiravermasligi tufayli men badiiy gimnastika sohasida yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishdim. Unda ham, menda ham o‘zimizning alohida ulkan hayot makonimiz mavjud. Shunday bo‘lsa ham, Alisher − men uchun qirol, hattoki uning isimi ham shu ma’noda.

Men esa ayolman, shunchaki uning qovurg‘asidan yaralgan ayol. U bo‘lsa o‘z makoniga juda ozchilikni kiritadi. Bu biz yaqin emasmiz degan ma’noni anglatmaydi. Aksincha, biz bir-birimizni yaxshi tushunamiz, suhbatlashamiz, maslahatlashamiz, u meni tanqid qiladi.

Foto: Hello Magazine

Foto: Hello Magazine

Aktyorni tomoshabinlar yetishtirganidek, erni ham xotin yetishtiradi. Ayol xohlasa, erkakni o‘zi o‘ylagan insonga aylantiradi. Men har doim Alisherga ‘Sen − buyuksan! Sen − dahosan’ der edim. U ko‘plab sinovlardan o‘tganiga qaramay xuddi shunday bo‘ldi. U tushkunlikka tushardi, men esa o‘shanda bu haqda o‘ylash ham aqlga sig‘maganiga qaramasdan, hammasi yaxshi bo‘lib ketishini aytardim. Men har doim u super insonligini bilardim”, − dedi Viner.

Ma’lumot uchun, Irina Viner 1948-yilda Samarqandda tug‘ilgan bo‘lib, 1992-yilgacha Toshkentda badiiy gimnastika sohasida ishlagan, keyin esa Rossiyaga ko‘chib ketgan. So‘nggi yillarda Rossiyaning eng boy kishisi deb topilayotgan asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning rafiqasi hisoblanadi.