Rossiya “Donetsk Xalq Respublikasi” va “Lugansk Xalq Respublikasi”dagi saylovlarni rasman tan olmadi. Saylovlardan keyingi kundayoq Rossiya tashqi ishlar vazirligining press-relizida “Ukraina janubi-sharqidagi ovoz berilishiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish” aytilgan bo‘lsa-da, bu uni rasmiy tan olishni bildirmaydi. Bu haqda yuqori mansabdagi manbasiga tayanib, Gazeta.ru xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Foto: “RIA Novosti”

Moskvaning ushbu saylovlar natijalarini tan olmaslik sababi haqidagi savolga javoban, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov “hozircha hech narsani qo‘shimcha qila olmasligini” aytdi.

Ekspertlar Moskvaning ehtiyotkor bayonoti yuzasidan turli fikrlar bildirmoqda.

Nashrning eslatishicha, avvalroq Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Moskva Donbassdagi saylovlarni tan olishini ta’kidlagan, bunga javoban G‘arb sanksiya rejimini qa’iylashtirish bilan tahdid qilgan edi. Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti professori Valeriy Solovey Kremlning qarorini yangi sanksiyalardan xavfsirash bilan bog‘ladi.

MDH mamlakatlari Instituti direktori Konstantin Zatulin Rossiya TIV bayonnomasi Lavrovning DXR va LXRdagi saylov natijalarini tan olish haqidagi so‘zlari bilan mos tushishini ta’kidlab, xuddi shunday formula Ukrainadagi saylov natijalariga nisbatan ham qo‘llanilganini eslatdi.