Italiyalik 35 yoshli Spartako Kapon o‘zining yangi Fiat 500 rusumidagi avtomobilining dvigatelidagi nosozlik tufayli uni bolta bilan chopib tashladi, deb xabar bermoqda Motor.ru.

Foto: Mirror

Foto: Mirror

Kapon jamoat transportida ishga kechikib borgani uchun bir necha marta xayfsan olgach, xetchbekni sotib olgan. Xariddan keyin bir haftadan kam vaqt o‘tganda u ishga otlanish uchun mashinasini o‘t oldirmoqchi bo‘lgan, biroq dvigatel ishlamagan. Bundan jahli chiqqan erkak boltani olib, kuzov panellarini bir boshidan chopib chiqqan va oynalarni sindirgan.

Voqeaga guvoh bo‘lgan qo‘shnilar politsiyani chaqirgan. Mashina o‘ziga tegishli ekanligini isbotlab bergan Kapon shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar unga tinchlantiruvchi muolajalarni yozib berib, psixiatriya hisobiga qo‘ygan. Qayd etilishicha, erkakning asablari ishi tufayli shu darajaga kelgan.