“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan sentabr — dekabr oylarida tashkil etilayotgan “Yoshlar EKO hayotni tanlaydi!” loyihasi davomida yoshlar orasida tabiiy resurlarni tejash, tabiatni muhofaza qilish afzalligini targ‘ibot qilish, ekologik madaniyatni oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga oid tavsiyalar berilmoqda. Bu haqda “Kamolot” YoIH a’zosi xabar beradi.

Foto: “Kamolot” YoIH

Foto: “Kamolot” YoIH

O‘zbekiston bo‘ylab saralab olingan 130 nafar iqtidorli, tashabbuskor va trenerlik qobiliyatiga ega ko‘ngilli yoshlar uchun “Kamolot” oromgohida maxsus kontent ToT (trenerlar uchun trening) uslubida seminar tashkil etildi. Ularning mini sessiyalarni samarali tashkil etish, notiqlik san’ati, liderlik qobiliyati, yoshlar auditoriyasi bilan ishlash ko‘nikmalari, yo‘nalishga oid bilimlari mustahkamlandi. Trener sifatida aynan yoshlarning saralab olinishi loyiha “tengdosh — tengdoshga” tamoyilida o‘tishini ta’minlamoqda.

Foto: “Kamolot” YoIH

Foto: “Kamolot” YoIH

Sentabr oyi mobaynida loyiha 600 dan ko‘proq kichik auditoriyali uchrashuvlar orqali 16 mingdan ziyod yoshlarni qamrab oldi. Informatsion materiallar, flayer va bannerlar, taqdimot va videoroliklar trenerlarga mavzu mohiyatini yanada yaqqolroq ochib berishga ko‘maklashdi. Targ‘ibot uchrashuvlari samaradorligini aniqlash maqsadida qatnashchilar o‘rtasida uchrashuvdan oldin va keyin mavzuga oid testlar o‘tkazildi. Natijalar orqali esa targ‘ibot tadbirlaridan keyin ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari 50 foizga oshgani ma’lum bo‘ldi. Loyiha doirasida Jizzax shahrida umumta’lim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari hamda talaba, yoshlar ishtirokida aksiya tashkil etildi.

Foto: “Kamolot” YoIH

Foto: “Kamolot” YoIH

“Yoshlar EKO hayotni tanlaydi!” loyihasi ijtimoiy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi. Seminar mobaynida davlat va jamoat tashkilotlari, biznes vakillari, xususan, AKFA Lighting kompaniyasining vakillari tomonidan maxsus master-klasslar tashkil etildi. Ushbu kompaniyaning elektr energiyasini tejashning samarali usuliga bag‘ishlangan “Tabiatni asrashni uyingizdan boshlang!” mazmunidagi taqdimoti iqtisod va tejamkorlik orqali tabiiy resurslarni va oilaviy byudjetni tejashning zamonaviy usuliga bag‘ishlandi. Unga ko‘ra, oddiy cho‘g‘lanma yoritgichlarni energotejamkor (svetodiodli yoritgich) lampalarga almashtirgan elektr energiyasi iste’molchisi bir yilda 34 319,2 so‘m iqtisod qiladi. Bir dona energotejamkor lampa sakkizta oddiy qiziydigan lampalar o‘rnini bosadi hamda oddiy yoritgichlarga nisbatan 30—50 marta ko‘p muddatga xizmat qiladi.

Odam va tabiat o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi yer sharidagi aholi miqdori o‘rtasidagi tafovutga emas, odamning tabiatga nisbatan munosabatiga daxldor. Dekabr oyigacha davom etishi rejalashtirilayotgan loyiha mazkur fikr mohiyatini keng miqyosda targ‘ib etmoqda.