Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “O‘rtadara” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi kam ta’minlangan oilalar uchun ajratilgan pullarni turli yo‘llar bilan talon-taroj qilganligi aniqlandi. Bu haqda Uz24.uz xabar bermoqda.

Foto: uz24.uz

Foto: uz24.uz

Mahalla raisi Tuman bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi mehnat inspektori bilan birgalikda qalbaki dalolatnomalar tuzib, bir necha fuqaroga jami 47 million 555 ming so‘m miqdorida nafaqa tayinlab, shundan 39 million so‘mdan ziyodrog‘ini nafaqa puli sifatida to‘lab yuboradi va bu jinoiy harakatlari bilan byudjet mablag‘iga katta ziyon yetkazadi.

Mahalla raisi o‘zidan avval ishlagan sobiq oqsoqolning ayoli va kelini nomiga qalbaki hujjatlar asosida 900 mingdan ziyod nafaqa pulini to‘lab yuborgan. Qolaversa, tekshiruvlardan aniqlanishicha, mahalla posbonining turmush o‘rtog‘i nomiga uchta holatda bir million 444 ming so‘mdan ziyod, o‘z xotini, singlisi va qiziga ham “kam ta’minlangan oila”lar sifatida ikki milliondan ortiq nafaqa pulini yozib yuborgan.

Shuningdek, rais va uning sheriklari “O‘rtadara” MFYda 2009—2013-yillar davomida qalbaki yig‘ilishlar o‘tkazib, dalolatnomalarga fuqarolarning daromadlari to‘g‘risida soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi yuqorida bayon etilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqib, sudlanuvchilarga nisbatan qonuniy jazo tayinladi.