Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatida bir qancha tadbirkorlarning ishonchiga kirib, ularning mablag‘larini o‘zlashtirib ketgan firibgar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda “Na postu” gazetasi.

Foto: bvid.ru

Foto: bvid.ru

Dastlab o‘zini Nukusdagi yirik un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona vakili sifatida tanishtirgan firibgar tez pishuvchi lag‘mon ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor bilan 66 million so‘mga shartnoma tuzadi. Kelishilgan mahsulotni olgach, uni tezda past narxlarda savdo nuqtalariga naqd pul evaziga tarqatib, g‘oyib bo‘ladi.

Keyin esa Toshkentga kelgan tovlamachi poytaxtda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tadi. Bu yerda u un va un mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor bilan tanishib, ikki haftada uning ham ishonchiga kirib oladi. Tadbirkor deyarli butunlay notanish bo‘lgan bu shaxsga 85 million so‘mlik qiymatga ega turli navdagi unlarni topshiradi. Firibgar bu safar ham mahsulotni tezda sotib, tadbirkorning ko‘ziga boshqa ko‘rinmaydi.

Tovlamachi Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatida bu turdagi “operatsiya”larning bir nechtasini amalga oshirishga ulguradi. Tadbirkorlardan kelib tushgan shikoyatlar natijasida Toshkent viloyati tumanlaridan birining Ichki ishlar bo‘limi tomonidan firibgarga nisbatan qidiruv e’lon qilinadi. Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi tanishlaridan birining uyidan topilgan tovlamachi qo‘lga olingan.

Tergov jarayonida o‘z aybini tan olgan asli Qozog‘iston Respublikasida tug‘ilgan firibgar yana 12 ta shunday jinoyatni sodir etgani aniqlangan. Ushbu firibgarlik holatlari natijasida fuqarolarga jami 500 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Endilikda firibgarni o‘z jinoyatiga yarasha jazo kutmoqda.