2014-yil 6-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktorining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilingan edi. Davlat test markazi ushbu o‘zgartirishlar haqida qo‘shimcha izoh berdi, deb xabar beradi “Xushnudbek.uz”.

Javoblar varaqasi. Foto: xushnudbek.uz

Javoblar varaqasi. Foto: xushnudbek.uz

Unga ko‘ra, javoblar varaqasi va savollar kitobi bo‘yicha quyidagi o‘zgartirishlar kiritilgan:

I. Javoblar varaqasi bo‘yicha:

1. Javoblar varaqasida faqat “Maxsus kod” qoldirildi (avval mavjud bo‘lgan “Oliy ta’lim muassasasi kodi”, “Tanlov kodi” olib tashlandi).

Bu abituriyentning kodlarni almashtirib bo‘yash yoki noto‘g‘ri bo‘yash kabi xatoliklarga yo‘l qo‘yishning oldini olishda yordam beradi, javoblar varaqasini rasmiylashtirish uchun kam vaqt sarflanishini ta’minlaydi.

2. Savollarga javob belgilanadigan doirachalar 1 dan 108 gacha bo‘lgan ketma-ket sonlar bilan raqamlandi.

Bu abituriyent tomonidan fan bloklarini, savollarni almashtirib bo‘yash kabi xatoliklarni oldini olishda yordam beradi.

3. Abituriyent haqidagi ma’lumotlarni kiritish va imzo o‘rni javob bo‘yaladigan doirachalar bilan bitta betga (barcha ogohlantiruvchi yozuvlar ikkinchi betga) joylashtirildi.

Javoblar varaqasi. Foto: xushnudbek.uz

Javoblar varaqasi. Foto: xushnudbek.uz

II. Savollar kitobi bo‘yicha:

1. Savollar kitobida berilgan savollar ketma-ketlikda raqamlandi. Masalan, uchta fan bloki mavjud bo‘lgan savollar kitobida birinchi fan savollari 1 dan 36 gacha, ikkinchi fan 37 dan 72 gacha, uchinchi fan 73 dan 108 gacha sonlar shaklida raqamlandi.

Bu abituriyent tomonidan savollar kitobida to‘g‘ri deb tanlagan javoblarini javoblar varaqasida bo‘yashda yo‘l qo‘yilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan, masalan, bloklarni almashtirib bo‘yash, savollarni almashtirib bo‘yash kabi xatoliklarni oldini olishda yordam beradi.