Toshkent shahrida zamonaviy integrallashgan kompleks xavfsizlik tizimi yordamida turli mulkchilik shaklidagi qo‘riqlanadigan obyektlar xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

Toshkent. Foto: Flickr / Markus

Toshkent. Foto: Flickr / Markus

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari B. Qurbonov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Qo‘riqlash” birlashmasi boshlig‘i T. Najimov va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda zamonaviy qo‘riqlash va xavfsizlik vositalarini tatbiq etish ishlariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Ayni paytda ichki ishlar idoralari huzuridagi qo‘riqlash bo‘linmalarida 170 dan ortiq texnik qo‘riqlash punkti faoliyat ko‘rsatmoqda. Sohaga eng ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Texnik qo‘riqlash yo‘nalishini isloh qilish 2013—2016-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda integrallashgan ma’lumotni uzatuvchi “Pritok-A” qurilmasi xizmatga joriy etilib, sinovdan o‘tkazildi. Bu qurilma ko‘p funksiyali bo‘lib, simli va shisha tolali aloqa tarmoqlarida ishlaydi.

Qo‘riqlash xizmatiga zamonaviy texnologiyalarning joriy qilinishi ko‘p qavatli binolar umumiy kirish eshiklarini integrallashtirilgan qo‘riqlash-yong‘in signalizatsiyasi vositalari hamda videokuzatuv moslamalari orqali qo‘riqlash, inson hayoti va sog‘lig‘ining xavfsizligini ta’minlash kabi imkoniyatlarni yaratmoqda.

E’tiborlisi, telefon aloqasi mavjud bo‘lmagan joylarda uyali aloqa kanallari orqali qo‘riqlashni amalga oshirish qurilmasini modernizatsiyalash uchun talab etiladigan uskunalarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish ustida ish olib borilmoqda.

Tadbirda qo‘riqlash xizmatida axborotlashtirilgan markaziy kuzatuv va xabar uzatish texnik punktlarini barpo etish, obyektlarni zamonaviy perimetrial qo‘riqlash tizimi yordamida qo‘riqlash hamda yong‘indan ogohlantiruvchi vositalar bilan jihozlash, videokuzatuv vositalarining samaradorligi kabi mavzular bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.