Oliy ta’limni Toshkentdagi Inha universitetida davom ettirishni istagan boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun 2014-yil 29-noyabr kuni soat 11:00 da ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi. Bu haqda universitet vakillari “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: uzdaily.com

Foto: uzdaily.com

Tadbir ishtirokchilariga o‘qishni ko‘chirish jarayoni, shuningdek faqatgina Koreyadagi Inha universiteti mas’ul mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladigan matematika, fizika va ingliz tili bo‘yicha imtihonlar qoidalari batafsil tushuntiriladi.

Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Toshkentdagi Inha universiteti talabalariga aylanadigan boshqa OTMlar talabalari uchun birinchi kursning birinchi semestri fanlarining o‘rnini qoplash bo‘yicha maxsus dastur, jumladan dasturlash bo‘yicha maxsus darslar tashkil qilinadi.

Imtihonda qatnashish uchun 2014-yil 14-dekabrgacha hujjatlarni topshirish zarur. Shuningdek, bu haqda universitetning rasmiy saytida ham batafsil ma’lumot berilgan.