Hozirgi kunda telefon kabellarining o‘g‘irlanishi ommaviy tus olib, katta muammoga aylanmoqda. Bu haqda “O‘zbektelekom”ning “Toshkent oqshomi” gazetasida chop etilgan murojaatida so‘z boradi, deb xabar beradi “Kun”.

Arxiv. Foto: uztelecom.uz

Arxiv. Foto: uztelecom.uz

“Kabel liniyalarini qasddan shikastlash natijasida nafaqat ‘O‘zbektelekom’ kompaniyasining ‘TShTT’ filiali abonentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar jabrlanmoqda, balki bu hol hokimiyat va boshqaruv organlari, shoshilinch xizmat, shahar hayotini ta’minlash korxonalari aloqa tizimlarining ham faoliyati buzilishiga olib kelmoqda”, — deyiladi murojaatda.

“O‘zbektelekom”ning qayd etishicha, kabelni o‘g‘irlash telefon tarmog‘ining uzilishiga, internet tarmog‘i, ma’lumotnoma-servis va axborot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanishiga sabab bo‘lmoqda.

“O‘zbektelekom” kompaniyasi “TShTT” filiali inshootlarni qo‘riqlash masalalarini hal qilish, o‘z mijozlari uchun aloqaning shikastlanishi oqibatlarini kamaytirish hamda tiklash bo‘yicha bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda”, — deyiladi murojaatda.

Shu munosabat bilan, “O‘zbektelekom” kabellar o‘g‘irlanishining oldini olishda, shuningdek, o‘g‘rilarni qo‘lga olish va jazolashda aholini ko‘mak berishga chaqirgan. Shuningdek, u shahar liniyali-kabel inshootlaridan ruxsat berilmagan holda foydalanish, kabellar, kanalizatsiya qopqoqlarini o‘g‘irlash hollari aniqlanganda 102 yoki 233-69-95 telefonlari orqali xabar berishni so‘ragan.

“O‘zbektelekom”ning “Toshkent oqshomi”dagi murojaatida kabellarni o‘g‘irlash ko‘lami raqamlarda qanchalik aks etgani ma’lum qilinmagan.