Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi tug‘uruq kompleksida bir necha yildan buyon akusher-ginekolog vazifasida ishlaydigan ayol o‘z vakolatidan foydalanib, jinoyatga qo‘l urdi. Bu haqda “Inson va Qonun” nashri xabar bermoqda. Nav­batchilikda turgan paytida uning xonasiga notanish juvon kirib, yangi tug‘ilgan chaqaloqni tashlab, nom-nishonsiz yo‘qolib ketadi.

Foto: 3dwallz.com

Foto: 3dwallz.com

Shifokor esa bundan unumli foydalanib, oldindan rejalashtirib qo‘ygan tamagirlik maqsadidagi jinoiy xatti-harakatini amalga oshiradi: uzoq yillardan buyon farzand ko‘rishni orzu qilib, davolanmagan shifoxonasi qolmagan Zuhra Rasulovaga chaqaloqni 450000 so‘m “suyunchi” puliga sotib yuboradi.

Muallima o‘zining bu noqonuniy xatti-harakatini anglamay, onalik baxt qushi boshiga qo‘nganligidan, eng muhimi, oilasi saqlanib qolganligidan xursand bo‘lib, hujjat to‘g‘rilash uchun yana noqonuniy yo‘l tutadi. Ya’ni tanishi orqali yuz ming so‘m pora berib, qiz chaqaloq dunyoga kelganligi to‘g‘risida hujjat olishga urinadi.

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida ushbu jinoiy ish ko‘rib chiqildi. Akusher-ginekolog ayol qilmishiga yarasha qonuniy jazo oldi. Bola saqlab olgan muallimaga ham uning farzand ko‘rishni astoydil istaganligi, bu ishlarga tushunmay qo‘l urganligi, qizaloqni o‘z onasidek uch yildan buyon tarbiyalayotganligi, eng muhimi, bu holat tufayli uning oilasi saqlanib qolganligi odil sud tomonidan inobatga olinib, tegishli tartibda qonuniy jazo qo‘llandi.