O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan “Madaniyat va sport: tashabbus va tahlil” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

Toshkentdagi Osiyo chempionatida. Foto: O‘zA

Arxiv. Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining o‘rinbosari D. Mullajonov va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularni hech kimdan kam bo‘lmagan insonlar etib voyaga yetkazish, milliy madaniyat va san’atni, sportni ravnaq toptirish, iste’dod sohiblarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Sog‘lom bola yilida vazirlik tizimida O‘zbekiston Badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi, O‘zbekiston Milliy simfonik, kamer va xalq cholg‘ulari orkestrlari birlashmasi, Farg‘ona Teatr-konsert saroyi, Yoshlar madaniyat va san’at markazi, Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi, Guliston olimpiya zaxiralari kolleji, Milliy sport turlarini rivojlantirish respublika markazi, Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi kabi yangi subyektlar tashkil etildi.

Mamlakatning barcha hududlarida zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlari barpo qilinmoqda. Bu yil 24 madaniyat va aholi dam olish markazi, 22 madaniyat va istirohat bog‘i foydalanishga topshirilgani buning tasdig‘idir.

Davlat rahbarining 2014-yil 22-yanvardagi “O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq teatrning moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanib, ijodkor va tomoshabinlar uchun yanada qulay, zamonaviy sharoit yaratildi. Milliy teatr tarixi, bugungi kuni haqida hikoya qiluvchi hujjatli film, albom-kitob o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etildi. “O‘zbekiston teatr san’ati: tarix, taraqqiyot va istiqbol” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Joriy yilda vazirlik va bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan “Yoshlik bahori” yosh opera ijrochilari respublika festivali, Competizione dell'Opera opera ijrochiligi xalqaro tanlovi o‘tkazildi.

“Muzeylar — boy tariximiz va betakror madaniyatimiz xazinasi” mavzuidagi ma’rifiy oylik yoshlarning muzeylar faoliyatiga oid bilimlarini yanada boyitish va mustahkamlashga hissa qo‘shdi. “Yagonasan, muqaddas Vatan!” an’anaviy ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi qo‘shiqlarni yaratish, uning ijrochilarini aniqlash bilan birga ijodkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamladi. “Biz, Vatan farzandlari – umid nihollarimiz” shiori ostidagi konsertlar, “Sozlar navosi” yosh musiqachilar respublika tanlovi musiqa ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

2014-yil O‘zbekiston sportida ham unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Joriy yilning 9 oyi mobaynida Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan 177 xalqaro musobaqada O‘zbekiston sportchilari 186 oltin, 200 kumush, 239 bronza, jami 625 medalni qo‘lga kiritdi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga atroflicha javob qaytarildi.