11-dekabr kuni 13—16 yoshli bolalar ishtirokida Toshkent shahri Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Biz kelajakka ishonamiz!” mavzusida respublika yoshlar Forumi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat targ‘ibot markazi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: enews.uz

Foto: enews.uz

“Biz kelajakka ishonamiz!” mavzusidagi Forumning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat bosqichlari joriy yilning 9—10-dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yuqori saviyada tashkil etib o‘tkazildi. Ushbu Forum doirasida har bir viloyatda eng kamida 300 nafardan yoshlar qamrab olindi.

Forum orqali yoshlarni qaysi sohaga qiziqishlari aniqlanib, ular bilan psixologlar, muallimlar, ayniqsa, ota-onalarining shunday bolalar bilan ishlab, qiziqishlari bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni ta’minlash, Vatanga muhabbatli, bunyodkor g‘oyalarga boy, raqobatbardosh, yetuk o‘zbek farzandi etib tarbiyalash asosiy maqsad qilib olingan.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Ichki ishlar, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi, V.M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahar filiali, “Kamolot” YoIH, “Istiqbolli avlod” Yoshlar markazi, Toshkent shahar va Toshkent viloyat hokimliklari hamkorligida tashkil etildi.

Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi umumta’lim maktablarida, o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejlarida va akademik litseylarda ta’lim olayotgan 13—16 yoshlardagi o‘quvchi-yoshlar, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, hamkor vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari, taniqli san’atkorlar, aktyor va aktrisalar, xonandalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimi Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Forumning asosiy qismida seksiyalarda ish olib borildi. Forumda sakkizta seksiya quyidagi yo‘nalishlarda ish olib bordi:

  1. Pedagogik:
  2. Psixologik;
  3. Madaniyat va san’at;
  4. Jinoyatchilikni oldini olish;
  5. Notiqlik va muloqot madaniyati;
  6. Ekologiya;
  7. Tamaki, ichkilik va kasalliklarga qarshi kurash;
  8. Rassomchilik.

Mazkur seksiyalarda bolalar o‘z qiziqishlariga asosan yetuk mutaxassis, psixolog, san’atkorlar bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etib, ushbu jarayonda o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan barcha kerakli ma’lumotlarni oldi. Mashhur aktyor, aktrisalar, xonandalar, sport ustalari bilan uchrashuvlarda qatnashib, ulkan taassurotlar orttirdi.

Forumning yakuniy qismida ishtirokchilarga Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining esdalik sovg‘alari hamda sertifikatlar topshirildi.