“Cinema.uz” kompaniyasida “E’tirof — 2014” taqdimot marosimining barcha yo‘nalishlarida ishtirok etayotgan nomzodlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Popcorn.uz”.

Foto: popcorn.uz

Foto: popcorn.uz

Unda taqdimot marosimi bosh rejissyori Sa’dulla Abdullayev yig‘ilgan barcha ishtrokchilar bilan ijodiy suhbat o‘tkazdi. Nomzodlarning ayrimlari o‘z his-hayajonlari bilan bo‘lishdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva. Foto: popcorn.uz

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva. Foto: popcorn.uz

“Avvalo, bunday ajoyib bayramni bizga taqdim etayotganidan hukumatimizga chuqur minnatdorchilik bildiramiz, — dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva. — ‘E’tirof — 2014’ taqdimot marosimida teatr aktrisasi sifatida nomzodim qo‘yilishini kutmagandim. Ijod bilan band bo‘lgandim-u, lekin nomzod bo‘lib qatnashaman degan fikr xayolimga ham kelmagandi. Usmon Azim qalamiga mansub ‘Tong otgan taraflarda’ asarini yosh iste’dodli rejissyorlarimizdan biri Asqar Holmo‘minov sahnalashtirgan. Mazkur spektaklda bosh rolni ijro etganman va ana shu obraz orqali nomzodlikka loyiq ko‘rilganimdan baxtliman”.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov. Foto: popcorn.uz

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov. Foto: popcorn.uz

“Bu mukofotga munosib ko‘rilganimiz bizning ijodimiz kimlargadir manzur ekani, mehnatimiz xalqimiz tomonidan qadrlanayotganidan darak. Mening ijodimga befarq bo‘lmagan insonlar borligi uchun xursandligimni va minnatdorligimni bildiraman. Mukofot kimlarga nasib etadi, kimlarga yo‘q, ammo eng muhimi xalqning e’tibori”, — dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov.

“Sharq” vokal cholg‘u ansambli ijodkorlari Sarvar va Tatyana. Foto: popcorn.uz

“Sharq” vokal cholg‘u ansambli ijodkorlari Sarvar va Tatyana. Foto: popcorn.uz

Ko‘pgina xalqaro tanlovlarda ishtrok etgan “Sharq” vokal cholg‘u ansambli ijodkorlari Sarvar va Tatyana O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Davlat mukofotiga nomzodi qo‘yilgani ularni ikki karra hayajonga solganini ma’lum qildi: “O‘z yurtimizda, xalqimiz tomonidan oz bo‘lsa-da mehnatimiz baholangani o‘zgacha hissiyot bermoqda. Ushbu mukofotga nomzodlikning o‘zi katta ma’suliyat yuklaydi va yuqori maqsadlar sari chorlaydi. Haqiqatdan ham o‘zimizni katta sinov oldida turgandek sezyapmiz. Iste’dodli ijodkorlar bilan bir qatorda ishtrok etishning o‘zi biz uchun quvonchli. Safdoshlarimizning barchasi yaqin do‘stlarimiz, shuning uchun ham o‘zimiz qatori ularga ham muvaffaqiyat tilaymiz”.

Aktyor Bobur Yo‘ldoshev. Foto: popcorn.uz

Aktyor Bobur Yo‘ldoshev. Foto: popcorn.uz

“Har bir aktyor uning ijodi tan olishini istaydi va tabiiyki, mashhurlikka intiladi, — dedi aktyor Bobur Yo‘ldoshev. — Mening nomzodim qo‘yilganini eshitib juda xursand bo‘ldim. Qo‘shni davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro kinofestivallarda mukofotlanganman, ammo mamlakatimizda o‘tkazilayotgan katta taqdimotga birinchi bor nomzodlanganim men uchun sharaf tuyg‘usini bermoqda”.

Bastakor Shuhrat Zokirov. Foto: popcorn.uz

Bastakor Shuhrat Zokirov. Foto: popcorn.uz

Bastakor Shuhrat Zokirov “E’tirof — 2014” mukofotiga nomzodlikka loyiq ko‘rilganini bilib ich-ichida faxr hisi uyg‘onganini aytdi: “Nomzodlikka qo‘yilganlarning barchasi o‘zining mehnati bilan ko‘zga ko‘ringanlar, ya’ni muxlislar e’tiboriga tushganlardir. Saralanganlar orasida bo‘lishning o‘zi katta baxt. Har bir yo‘nalishdagi ishtirokchilarga omad tilayman. Mukofotga erisholmaganlarga kelgusi yilda albatta nasib etishini istab qolaman, chunki bu yil g‘olib bo‘lolmaganlar yanada samarali mehnat qilib, oldinga intila boshlaydi. Buning hammasi o‘z natijasini beradi, deb o‘ylayman”.

Foto: popcorn.uz

Foto: popcorn.uz

“Yilning eng yaxshi filmi” nominatsiyasiga nomzod etilgan “Qo‘rg‘on” kinokartinasi rejissyori Abduvohid G‘aniyev butun ijodiy guruh hayajonda ekanligini ma’lum qildi: “Film yaratilishida jamoamizdagi har bir ijodkorning o‘z hissasi bor. Bir nechta yaxshi filmlar orasidan bizning mehnatimiz mahsuli e’tirofga munosib ko‘rilgani, uchtalikka kiritilgani judayam katta sharaf, deb bilaman”.

Teleboshlovchi Kamola Odilova. Foto: popcorn.uz

Teleboshlovchi Kamola Odilova. Foto: popcorn.uz

“Avvalo, nominatsiyaga loyiq ko‘rilgan insonlarning hammasi biror sohada o‘z vazifasini, ya’ni fuqarolik burchini bajaradi. O‘zining kamtarona ishlari yuksak mukofotga loyiq ko‘rilgani, nafaqat yosh ijodkorlarga, balki ancha yildan beri mehnat qilayotgan turli soha vakillari uchun ham katta rag‘bat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi”, — dedi teleboshlovchi Kamola Odilova.

Qoraqalpoq davlat musiqali drama teatri aktyori Umirbay Qosimbetov. Foto: popcorn.uz

Qoraqalpoq davlat musiqali drama teatri aktyori Umirbay Qosimbetov. Foto: popcorn.uz

“O‘ttiz yillik ijodim davomida bir qator spektakllarda bosh rollarni ijro etdim, shu davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston xalq artisti unvonlari bilan taqdirlandim. Teatr va kino sohasidagi mehnatim ulug‘langanidan benihoya mamnunman. Bu yil ikkinchi bora o‘tkazilayotgan ‘E’tirof — 2014’ mukofoti uzoq yillar davomida xalqimiz tomonidan tan olingan ijodkorlarga nasib etaversin”, — deya oz fikrini bildirdi Qoraqalpoq davlat musiqali drama teatri aktyori Umirbay Qosimbetov.