O‘zbekiston va Falastin terma jamoalari o‘rtasida 13-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvini Muhammad Al Zaruniy boshchiligidagi Birlashgan Arab Amirliklaridan bo‘lgan hakamlar brigadasi boshqarib boradi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.

Foto: galleryhip.com

Foto: galleryhip.com

Osiyo Kubogi — 2015ga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni damda BAAning Dubay shahrida o‘zining navbatdagi yig‘inini o‘tkazmoqda. Mirjalol Qosimov boshchiligidagi terma jamoa mazkur yig‘in doirasida 13-dekabr kuni Dubay shahrida Falastin terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvni esa Muhammad Al Zaruniy boshchiligidagi BAAlik hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogi — 2015ga tayyorgarlikni ikki bosqichda olib boradi. Rejaga ko‘ra, ilk yig‘in Dubay shahrida 14-dekabr kunigacha davom etadi. BAAdagi ikkinchi yig‘in esa 17—28-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur yig‘in davomida milliy terma jamoa Falastindan tashqari Iordaniya (20-dekabr) va Iroq (25 va 28-dekabr) terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.

O‘zbekiston — Falastin (O‘rtoqlik uchrashuvi)

Bosh hakam: Muhammad Al Zaruniy (BAA)

Laynsmenlar: Ali Al Jasim Abdulla, Ahmad Al Rashadiy (ikkisi ham BAA)

Zaxira hakami: Abdulla Alzaabiy (BAA)