O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 11-dekabr kuni qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va xo‘jalik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga tayanib, “Kun” xabar bermoqda. Qonun matni bilan “Xalq so‘zi”da tanishish mumkin.

Foto: mirror.co.uk

Foto: mirror.co.uk

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 7-noyabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 14-noyabrda ma’qullangan qonunga asosan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-1 va 241-2-moddalariga o‘zgartish kiritildi.

Yangilangan 241-1-moddaga asosan, qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (bungacha 7—10 baravar edi). Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (bungacha 10—15 baravar edi).

Qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish deganda tadbirkorlik faoliyati subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat xizmati ko‘rsatishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini va muddatlarini buzish, tadbirkorlik faoliyati subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish yoki uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan bo‘yin tovlash, davlat xizmati ko‘rsatishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish yoxud uni ko‘rsatishdan bo‘yin tovlash, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, tadbirkorlik faoliyati subyektining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklash, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan statistika, moliya, soliq hisobotini va boshqa hisobotlarni, shuningdek, o‘zga hujjatlarni talab qilib olish yoxud nazarda tutilgan hisobotni taqdim etishning belgilangan muddatlari va tartibiga zid ravishda talab qilib olish, xuddi shuningdek, uning mustaqilligini boshqacha tarzda cheklash yoki uning faoliyatiga boshqacha tarzda qonunga xilof ravishda aralashish nazarda tutilishi belgilab qo‘yilgan.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish (241-2-modda), ya’ni qonun hujjatlariga muvofiq vakolatlar berilmagan mansabdor shaxs yoxud boshqa shaxs tomonidan o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini qasddan tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) tekshirishlar o‘tkazish, ushbu subyektlarning faoliyatini va (yoki) banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hollarda bunday shaxs tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlarida pul mablag‘lari bor-yo‘qligi haqida axborot talab qilib olganlik uchun mansabdor shaxslarga belgilangan jarimalar miqdori eng kam ish haqining 15—50 baravaridan 20—60 baravarigacha oshirilgan.

Ayni vaqtda, aynan shu qilmishlar uchun fuqarolarga belgilangan jarima miqdori (EKIHning 2—5 baravari) o‘zgarishsiz qolgan.