Qarshi shahrida oqar suv ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida Yangibog‘ nasos stansiyasi hamda Ayrum-1 kanalida olib borilgan rekonstruksiya ishlari yakunlandi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

Qashqadaryo viloyati. Foto: O‘zA

Qashqadaryo viloyati. Foto: O‘zA

Loyihani amalga oshirish doirasida nasos stansiyasi binosi to‘liq ta’mirlandi, yangi nasos agregatlari o‘rnatildi. Ayrum kanalining 4,73 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi. 2,76 kilometr masofada yangi Ayrum-1 kanali qurilib, 19 ta gidrotexnik inshoot barpo etildi.

Qarshi bosh kanalidan suv oladigan M-3 kanali chap qirg‘og‘ida joylashgan Yangibog‘ nasos stansiyasidan 1999-yildan buyon foydalanib kelinmoqda. Mazkur stansiyaning suv chiqarish quvvati sekundiga 1,5 metr kub. Shaharda aholi sonining o‘sishi, sug‘oriladigan maydonlar kengayishi natijasida keyingi yillarda viloyat markazining oqar suvga bo‘lgan talabini qondirishda muammolar yuzaga kelayotgan edi.

Mazkur loyiha amalga oshirilishi bilan ushbu muammo ham o‘z-o‘zidan bartaraf etildi. Qarshi shahri markazi, istirohat bog‘i, Aralovul, Xontepa va Mag‘zon mahallalari, shaharga yaqin joylashgan 250 gektar yer va 900 gektar aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash yanada yaxshilandi.

Inshootlarning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z. Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.