9-dekabr kuni xalq deputatlari Nurobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Samarqand viloyat hokimligi rasmiy sayti. Sessiyada viloyat hokimi Z.Mirzayev ishtirok etdi va ma’ruza qildi.

Foto: samarkand.uz

Foto: samarkand.uz

Viloyat hokimi tumanning viloyat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayotida muhim o‘rin tutishini qayd etib, keyingi yillarda hududda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan tuman markazi va qishloqlarning obod bo‘lib borayotgani, aholi turmush farovonligining oshayotganida o‘z aksini topayotganini ta’kidladi.

Joriy yilning o‘tgan davrida tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 11,3 milliard so‘mni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15,7 foizga o‘sgan, demakdir. Iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarish 114 foiz, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 107 foiz, chakana savdo 115,1 foizni tashkil etdi.

Sanoat salohiyatini oshirish dasturiga asosan 1 milliard 578 million so‘m mablag‘ jalb qilinib, 14 ta investitsion loyiha amalga oshirildi. 37 ta kichik biznes subyektlari ochilib, ularning jami soni 418 taga yetdi.

Tadbirkorlik subyektlariga 8,1 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.

Meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, go‘sht, sut, tuxum ishlab chiqarish bo‘yicha ham belgilangan rejalar uddalandi.

Shuningdek, sessiyada faollar ishtirokida Nurobod tumanida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar va ayrim muammolar tahlil etildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Jamol Xayrullayevich Ibragimov o‘z arizasiga ko‘ra tuman hokimi vazifasidan ozod etildi.

Shu paytgacha tuman hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Baxtiyor Qo‘shboyevich Ergashev, viloyat hokimining tavsiyasiga ko‘ra, Nurobod tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.