Yaponiyada vodorod dvigatelida yuradigan dunyodagi ilk seriyali avtomobillar sotuvga chiqarildi, deb xabar bermoqda “TASS”. Toyota Motor Corp kompaniyasi mahsuloti bo‘lgan sedan Mirai (“Kelajak”) deb nomlangan.

Foto: EPA

Foto: EPA

Toyota 2015-yil oxirigacha yoqilg‘i bakidagi vodorod va atmosfera kislorodi qo‘shilishida hosil bo‘lgan energiya hisobiga yuradigan bunday avtomobillarning 700 tasini ishlab chiqarmoqchi. Ulardan 400 tasi ichki bozorga, 200 tasi AQShga va 100 tasi G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga mo‘ljallangan.

Ichki bozorda vodorod dvigatelli avtomobilga qiziqish yuqori bo‘lgani sababli xarid uchun arizalar sotish rejasidan ancha oshib ketgan. Shu tufayli kompaniya Mirai ishlab chiqarishni 3 baravarga oshirib, yiliga 2100 tadan avtomobil chiqarmoqchi. Tokioda yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladigan 2020-yilga borib esa yiliga 50 mingtagacha vodorod dvigatelli avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan.