GM Uzbekistan kompaniyasining Rossiyada Uz-Daewoo brendi ostida sotiladigan Gentra, Matiz va Nexia avtomobillarini 2014-yil 20-noyabrdan 31-dekabrgacha sotib olgan xaridorlar sovg‘a sifatida Matiz yutib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Rossiyadagi Uz-Daewoo saytida ma’lum qilingan.

Foto: daewoo-tula.ru

Foto: daewoo-tula.ru

Avtomobillar sotilishini ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilayotgan ushbu aksiya davomida Gentra, Matiz va Nexia avtomobillarini sotib olgan xaridorlar sovg‘a tariqasida 10 ta Matiz, xizmatlar uchun 25 ta 2000 rubllik chegirma, 60 ta esdalik sovg‘a va avtomobil uchun 25 ta 3000 rubllik chegirmalardan birini yutib olishi mumkin.

O‘z navbatida, “Gazeta.ru”ning xabar berishicha, rubl qadrsizlanishi oqibatida Rossiyada xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar sotilishi to‘xtab qolgan. Distribyutorlar dilerlarga avtomobil yetkazib berishni, dilerlar esa aholiga avtomobil sotishni to‘xtatgan. Qayd etilishicha, hozirda Rossiya bozorida avtomobil yetishmovchiligi kuzatila boshlangan.