O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida tadbirkor ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan “2014-yilning eng yaxshi loyihasi” tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirga xotin-qizlar qo‘mitalari, bank-moliya tashkilotlari mutasaddilari, fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, tadbirkor ayollar taklif etildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A. Shayxov, Markaziy bank departementi direktori A. Qosimov, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F. Abdurahimova va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlar manfaatlarini himoyalash, ularning iqtisodiy-huquqiy bilimini yuksaltirish, oilalar farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak natijalar berayotganini ta’kidladi.

Tanlov g‘oliblaridan biri bo‘lgan Go‘zaloy Jo‘rayeva Shahrixon tumanidagi “Superbekajon” xususiy korxonasida mehnat qiladi. U taqdim etgan landshaft dizayniga oid loyiha qishloq ko‘chalarini obod qilish, atrofni mahalliy iqlim sharoitiga mos gullar, o‘simlik va maysalar, manzarali daraxtlar bilan bezashni ko‘zlasa, sirdaryolik Himoyat Eralieva issiqxonada sarxil sabzavotlar yetishtirish va “Sog‘lom ayol markazi” faoliyatini yo‘lga qo‘yishni, xorazmlik Nilufar Iskandarova esa sut mahsulotlarini qayta ishlovchi kichik korxona ochishni rejalashtirgan.

“2014-yilning eng yaxshi loyihasi” tanlovi g‘oliblariga bank mablag‘larini kafolatlovchi sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxonova so‘zga chiqdi.