O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha 22 ta saylov okrugida nomzodlarning birortasi ham saylanish uchun zarur ovozni to‘play olmadi. Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi mazkur okruglarda 2015-yil 4-yanvar kuni takroriy ovoz berishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘rinbosari S. Artikova ma’lum qildi.

Foto: gazeta.uz

Foto: gazeta.uz

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida bittadan, Namangan, Toshkent viloyatlarida ikkitadan, Farg‘ona viloyatida uchta, Surxondaryo viloyatida beshta saylov okrugida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Saylov qonunchiligiga binoan, takroriy ovoz berish 22 ta saylov okrugining har birida asosiy saylovda saylovchilarning eng ko‘p ovozini olgan ikki nafar deputatlikka nomzod bo‘yicha o‘tkaziladi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 15 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 11 nafar, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan — 9 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 9 nafar nomzod bo‘yicha takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi va takroriy ovoz berishga tegishli qarorlari matbuotda e’lon qilinadi.