Strasburgdagi Yevropaning inson huquqlari bo‘yicha sudi Rossiyaga Voronejdagi militsiya bo‘limida qiynoqqa solingan O‘zbekiston fuqarosi Rashid Razzoqovga 20 ming yevro to‘lash majburiyatini yukladi, deb xabar bermoqda “RIA Voronej”.

Foto: gazeta.ru

5-fevral kuni sud saytida e’lon qilingan qarorda aytilishicha, Rossiya rasmiylari Qiynoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi Konvensiya me’yorlarini buzgan. Razzoqov militsiya bo‘limida qiynoqqa olingan, biroq aybdor haligacha topilmagan.Tovon pulidan tashqari Razzoqovga sud xarajatlari uchun 3,3 ming dollar to‘lash lozimligi ham aytilgan.

Foto: "RIA Voronej"

Qayd etilishicha, Razzoqov 2002-yildan buyon Voronej viloyatida ishlab, har qish mavsumida O‘zbekistonga qaytgan. 2009-yilda militsiya uni asossiz ravishda tutib, uch sutka davomida qiynagan. U qotillikni tan olishi uchun oyog‘i bilan lomga osishgan, boshiga shisha bilan urishgan, quloqlariga sim ulab, tok urdirishgan, suyaklarini sindirishgan. Oqibatda Razzoqov o‘zi sodir etmagan qotillikni tan olishga majbur bo‘lgan. Biroq tergovchi uning ko‘rsatmalaridagi noaniqlikdan u aybdor emasligini anglab, uni ozod qilgan.

Shundan keyin Razzoqov qiynoqlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganida unga deportatsiya bilan tahdid qilishgan. Biroq u oxirigacha borgan va tuman sudi ruhiy zarar uchun 840 ming rubl – 20 ming yevro miqdorida to‘lanishini tayinlagan, biroq aybdor jazolanmagan. Shundan keyin Razzoqov Yevropa sudiga murojaat qilgan. Strasburg sudi ish faqatgina tovon puli to‘lash bilan, aybdorlar jazolanmasdan yakunlanishi to‘g‘ri emasligini ta’kidlagan.