Daniya poytaxti Kopengagenda politsiyachilar 14-fevral, shanba kuni ro‘y bergan teraktlarga aloqadorlikda gumon qilingan shaxsni otib tashladi, deya xabar bermoqda “Vedomosti”.

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Politsiyachilar Nerrebrodagi temir yo‘l stansiyasida shubhali erkakni chaqirib to‘xtatgan. Bunga javoban u o‘t ochgan va javob o‘qi bilan otib tashlangan. Ayni paytda marhumning qahvaxona va sinagoga (yahudiylar ibodatxonasi)dagi otishmalarga aloqasi o‘rganilmoqda.

15-fevral, yakshanbaga o‘tar kechasi Daniya poytaxtidagi sinagogalardan birida noma’lum kishi o‘t ochdi, natijada bir kishi halok bo‘ldi, ikki nafar politsiya xodimi yaralandi. Bundan bir necha soat avvalroq esa Krudttoenden qahvaxonasiga hujum uyushtirilgan edi. U yerda so‘z erkinligi masalalariga bag‘ishlangan munozara ishtirokchilari karikaturachi rassom Lars Vilks rahbarligida yig‘ilgan edi. Vilks 2007-yilda Muhammad (s.a.v.)payg‘ambar karikaturalarini chop etgani uchun terrorchi aynan unga suiqasd qilmoqchi bo‘lgani taxmin etilmoqda. Shuningdek, uchrashuvda Fransiyaning Daniyadagi elchisi ham bo‘lgan. Ular jabr ko‘rmagan, biroq boshqa bir erkak halok bo‘lgan, uch nafar politsiyachi yaralangan.