O‘zbekistonda soliq to‘lovchilarga ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar sohasini kengaytirish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “Yagona soliq to‘lovini to‘lash muddatini uzaytirish yuzasidan arizalarni qabul qilish va qaror chiqarish” interaktiv xizmati ishlab chiqilib, 2015-yilning 1-yanvaridan boshlab amaliyotga joriy etildi, deb xabar beradi Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i N.Jabbarov.

Toshkent. Foto: wikipedia.org

Toshkent. Foto: wikipedia.org

Mazkur interaktiv xizmat orqali yangi tashkil etilgan mikrofirma va kichik korxonalariga yagona soliq to‘lovini to‘lash muddatini uzaytirish yuzasidan arizani elektron shaklda to‘ldirib, soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasiga yuborish va tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qabul qilingan qarorni elektron ko‘rinishda olish imkonini yaratadi.

Interaktiv xizmat Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy “Soliq.uz” sayti orqali “Soliq to‘lovchi yuridik shaxslarning shaxsiy kabineti”da amalga oshiriladi. Bu yerdan yagona soliq to‘lovini to‘lash muddatini uzaytirish yuzasidan arizalarni yuborish uchun yangi tashkil etilgan mikrofirma va kichik korxona elektron raqamli imzoga ega bo‘lish lozim.

Ushbu interaktiv xizmatning afzalligi shundaki, foydalanuvchilarga kunning istalgan vaqtida doimiy ravishda davlat soliq xizmati organiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkonini beradi, ularning vaqt va mablag‘ini tejaydi hamda davlat soliq xizmati organlari bilan o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshiradi.