Yangi avtomobil sotib olganlarning ko‘pchiligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan qancha vaqt o‘tib dastlabki texnik ko‘rikdan o‘tkazish lozimligi masalasiga duch keladi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Foto: gazeta.uz

Foto: gazeta.uz

Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq, ishlab chiqarilganligiga besh yildan ko‘p bo‘lmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari ikki yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek, DYHXX organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmasligi belgilangan.

Ushbu Nizomga asoslanib, ko‘plab haydovchilar yangi avtomobil dastlabki besh yilda 2+2+1 sxemasida texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak, deb hisoblaydi. Buroq, DYHXX xodimlari haydovchilarning hujjatlarini tekshirganda avtomobildan foydalanishning birinchi yili davomida texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozimligini ta’kidlaydi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Nizomning 5-bandiga asoslanib “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, transport vositalari ishlab chiqarilgan yili va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, DYHXX organlarida ro‘yxatga olingan sanasidan boshlab bir yil davomida texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Yilda ikki marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladigan tijorat asosida yo‘lovchi tashish uchun foydalaniladigan avomobillar bundan mustasno.

Jismoniy shaxslarga tegishli transport vositasini navbatdagi texnik ko‘rikka qo‘yish sanasi joriy ko‘zdan kechirish paytida DYHXX organlari xodimlari tomonidan belgilanadi. Texnik ko‘rikni bir tekis o‘tkazish maqsadida DYHXX organlari jadvallar tuzishi va transport vositalari egalariga transport vositalarini texnik ko‘rikka qo‘yishning aniq sanalari (oylari)ni tavsiya etishlari mumkin.