“Turkiston” saroyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

Foto: uza.uz

Foto: uza.uz

Turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar 6-mart kuni Toshkentdagi hurriyat, porloq istiqbol va ezgu niyatlar ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi. Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazining kardioxirurgiya majmuasi, Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan Respublika olimpiya zaxirasi sport maktabi, Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Xonchorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ayollar maslahat markazi faoliyati misolida mamlakatimizda xotin-qizlar salomatligini muhofazalash, qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, bolalar sportini rivojlantirish, xotin-qizlarga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish borasidagi ezgu ishlar bilan atroflicha tanishdi.

“Turkiston” saroyida shu kuni Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, ijtimoiy-iqtisodiy, ilm-fan, madaniy-ma’rifiy sohalarda mehnat qilayotgan fidoyi ayollar, xotin-qizlar qo‘mitalari faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etdi.

Tantanali yig‘ilishni Toshkent shahar hokimi R. Usmonov ochdi.

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova va boshqalar istiqlol yillarida mamlakatni modernizatsiyalash, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasidagi ezgu sa’y-harakatlarda xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, ularning oila va jamiyatdagi mavqeini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Foto: uza.uz

Foto: uza.uz

Prezident Islom Karimovning 2015-yil 3-martdagi qarori bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining 2015-yilgi sohibalari e’lon qilindi. Tadbirda mazkur mukofotlar tantanali tarzda topshirildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S. Sayyid, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B. G‘aniyev va boshqalar xotin-qizlarni bayram bilan qutlab, mamlakatda ayol zotini ulug‘lash, xotin-qizlarga hurmat-e’tibor ko‘rsatish, yosh avlodni har jihatdan sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish borasidagi ezgu ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Kechada san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida konsert namoyish etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N. Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev ishtirok etdi.