Kuala-Lumpurdagi bosh dispetcher o‘z ish vaqtida Malayziya “Boing”i radarlardan yo‘qolib qolgach ham, to‘rt soat davomida uxlab qolgan, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” hodisa tergovi bo‘yicha hisobotga tayanib.

Foto: AP

Foto: AP

Samolyot mahalliy vaqt bilan 01:20 da signal bermay qo‘ygan. 05:20 da boshlangan suhbatda Malaysia Airlines xodimi Kuala-Lumpur aeroporti dispetcheridan samolyot uchun javobgarlikni vyetnamlik hamkasblariga topshirgan-topshirmaganligi haqida bir necha marta so‘ragan. Malayziyalik dispetcher o‘z ishi 03:00 da boshlaganini, shuning uchun buning aniqligiga ishonchi komil emasligini aytgan. Shundan so‘ng dispetcher boshlig‘ini uyg‘otib, buni tekshirib ko‘rishini ta’kidlagan.

Vyetnam dispetcherlari esa 20 daqiqadan so‘nggina samolyot ularning havo hududiga kirmaganligini bildirgan, aslida esa ular ikki daqiqadayoq bu haqda bilishi kerak bo‘lgan.

Shuningdek, aviakompaniya ham falokat bosqichini havo kemasi bilan so‘nggi aloqadan 5 soat-u 13 daqiqa o‘tgachgina e’lon qilgan, ilk qidiruv samolyoti esa “Boing”ni izlashga 10 soatdan so‘ng otlangan.

Malaysia Airlines’ning Kuala-Lumpurdan Pekinga uchib ketayotgan samolyoti 2014-yil 8-martga o‘tar kechasi radarlardan yo‘qolib qolgan edi. Kema bortida 239 kishi bo‘lgan.