Toshkent shahridagi “Shodlik Palas” mehmonxonasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi grossmeysteri Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir davom etmoqda. Bu yil o‘z tarixida 9-marotaba o‘tkazilayotgan musobaqada kecha, 12-mart kuni 2-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Olamsport.com.

Foto: Olamsport.com

Foto: Olamsport.com

Musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Aleksey Barsov, Ulug‘bek Tillayev, Timur Igonin, Bahodir Xolmirzayev, Bobir Sattorov, Nikita Xoroshev, Shamsiddin Vohidov, Ortiq Nig‘matov va Gulruhbegim Tohirjonova ketma-ket ikkinchi g‘alabalarini tantana qildi.

Reytingi eng yuqori grossmeysterimiz Marat Jumayev esa kecha kutilmaganda Ortiq Nig‘matovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Yosh bo‘lishiga qaramay, ushbu xalqaro xotira turnirida ishtirok etayotgan aka-uka Javohir va Islombek Sindorov bu turda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi.

G‘oliblik uchun asosiy da’vogar hisoblangan va reytingi 2600 dan yuqori bo‘lgan armanistonlik Tigran Petrosyan, rossiyaliklar Vladislav Artemiyev va Sergey Volkov, ozarbayjonlik Eltaj Safarli, belaruslik Aleksey Aleksandrov, fransiyalik Vladislav Tkachev ham 100 foizlik natija qayd etib turibdi.

Jami 76 nafar shaxmatchi qatnashadigan xalqaro xotira turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 20 ming AQSh dollarini tashkil etadi. G‘olib shaxmatchi 4 ming dollarga ega bo‘ladi. Kuchli uchlikdan joy olgan shaxmatchilarga mos ravishda 3 va 2 ming dollar mukofot puli taqdim etiladi.