2015-yilning 11−14-mart kunlari Litva poytaxti Vilnyus shahrida boks bo‘yicha Litvaning birinchi olimpiya chempioni Dan Poznyak xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro turnir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Matbuot xizmati.

Foto: olamsport.com

Foto: olamsport.com

O‘ninchi bor tashkil etilgan mazkur musobaqada Litva, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Fransiya, Gollandiya, Gretsiya, Italiya, Polsha, Chexiya, Gruziya, Belarus, Estoniya, Ukraina, va Latviya davlatlaridan yosh charm qo‘lqop ustalari g‘oliblik uchun bahs yuritdilar.

E’tiborlisi, ushbu xalqaro turnirda ishtirok etgan besh bokschimizdan to‘rt nafari sovrindorlar safidan o‘rin egalladi va Marat Qurbonov boshchiligidagi yoshlar terma jamoamiz umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni band etdi.

O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga oltin medallarni Bobirmirzo Tolipov (-60 kg), Iqboljon Xoldorov (-64 kg) va Obidjon Tohirov (-91 kg) keltirishdi. Finalga qadar kechgan janglarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan yana bir iste’dodli bokschimiz Kozimbek Mardonov (-75 kg) esa kumush medal sovrindori bo‘ldi.