Toshkent shahridagi “Shodlik Palas” mehmonxonasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi grossmeysteri Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir davom etmoqda. Bu yil o‘z tarixida 9-marotaba o‘tkazilayotgan musobaqada kecha, 15-mart kuni 5-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.

Chess_set_of_the_USSR

Ushbu turda turnir jadvali peshqadamlari o‘zaro munosabatlariga oydinlik kiritib oldi. 5-tur oldidan turnir jadvalida peshqadamlik qilgan O‘zbekiston vakili Aleksey Barsov qora donalarda ispaniyalik Oleg Korneyev bilan durang qayd etdi. Korneyevning reytingi Barsovdan ancha yuqori ekanligi diqqatga sazovor holat.

Rossiyalik grossmeyster Vladislav Artemev qora donalarda o‘ynashiga qaramay, yana bir O‘zbekiston vakili Vladimir Yelginni taslim etdi va 4,5 ochko bilan 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Kuchli o‘yin namoyish etayotgan o‘zbekistonlik Temur Igonin esa o‘zi singari 3 ochkoga ega bo‘lib turgan Jamshid Shodiqulovdan ustun kelib, 4 ochko bilan 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Kuchli uchlikda borayotgan Aleksey Barsov hisobida ham 4 ochko bor. Bugun xalqaro xotira turnirida dam olish kuni sifatida e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, jami 76 nafar shaxmatchi qatnashayotgan xalqaro xotira turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 20 ming AQSh dollarini tashkil etadi. G‘olib shaxmatchi 4 ming dollarga ega bo‘ladi. Kuchli uchlikdan joy olgan shaxmatchilarga mos ravishda 3 va 2 ming dollar mukofot puli taqdim etiladi.