GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi joriy yilning oktabr oyidan ekomobillarni seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi, ya’ni deyarli barcha modellar gaz uskunalari bilan chiqarila boshlaydi, deb xabar bermoqda “Finance.uz”.

Foto: theglobeandmail.com

Foto: theglobeandmail.com

Kapot ostiga o‘rnatiladigan gaz balloni uskunalarini “Avtosanoat − Landi Renzo” O‘zbekiston−Italiya qo‘shma korxonasi yetkzib beradi. Hozirda bunday uskunalar o‘rnatilgan 25 ta avtomobil sinovdan o‘tkazilmoqda. Oktabr oyida 1500 ta shunday avtomobil sotuvga chiqarilishi ko‘zda tutilmoqda. Qurilma 6−8 silindrli avtomobillar (Captiva) dan tashqari GM Uzbekistan’ning barcha modellariga tushadi.

Qayd etilishicha, yangi avloddagi avtomobillarning asosiy ustunliklari sifat, tejamkorlik va ekologiyaga ziyonsizlikdir. Ham benzin, ham gazda birday ishlaydigan avtomobil bozordagi eng tejamkor mashinalardan bo‘ladi. 90 litrli ballon bir marta to‘ldirilganda 340−350 kilometr masofa uchun yetarli bo‘ladi. Shuningdek, haydovchi uchun xavfsizlik darajasi ham oshadi.

Uskunaning bir komplekti O‘zbekiston Markaziy banki kursi bo‘yicha 600−700 dollar atrofida bo‘ladi. Shu munosabati bilan avtomobil narxi ham birmuncha oshadi. Biroq GM Uzbekistan kuzdan boshlab avtomobillarning 50 foizini shunday qurilmalar bilan chiqarishi xaridorga tanlov imkoniyatini qoldiradi.