Joriy yilda O‘zbekistonda 550 ming mobil telefon ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Prezident Islom Karimovning “2015−2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan, 2020-yilgacha bu ko‘rsatkich yiliga 1,05 mln. donani tashkil qiladi, deb xabar bermoqda “Telegraf.uz”.

Foto: artel.uz

Foto: artel.uz

Mobil telefonlar ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy bozordagi asosiy ishtirokchilar − ArtelTrade MChJ (Toshkent) va Pengzhong Xingsheng QK MChJ (Sirdaryo viloyati), deya qayd etmoqda “Ekonomicheskoye obozreniye”.

2010-yilda Janubiy Koreyaning Samsung Electronics, Xitoyning Midea Group va Changhong kompaniyalari tomonidan asos solingan poytaxt kompaniyasining quvvati 500 ming mobil telefon ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

2013-yil iyulda Xitoyning ZTE (H.K.) Limited kompaniyasi va Peng Sheng QK MChJ (O‘zbekiston) tomonidan umumiy qiymati 3,16 million dollarga teng mobil telefonlar ishlab chiqarish bo‘yicha liniya ishga tushirildi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yil oxirida liniya quvvatini yiliga 500 ming apparat ishlab chiqarishgacha oshirish ko‘zda tutilgan.