9-mayda nishonlanadigan umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni joriy yilda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70 yilligi munosabati bilan yanada keng bayram qilinadi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Arxiv. Foto: O‘zA

Arxiv. Foto: O‘zA

Fashizmga qarshi urushda mardona jang qilgan, og‘ir mashaqqat va musibatlarni boshdan kechirgan qahramonlar va xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan erkinlik uchun o‘z jonini qurbon qilganlar xotirasi hamisha yodimizdadir. Mamlakatimizda faxriylarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Prezidentimizning 2014-yil 13-oktabrdagi “1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2015-yil 6-martdagi “1941–1945-yillardagi urush qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida” va 2015-yil 19-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari – 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70-yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonlari buning yorqin dalilidir.

Davlatimiz rahbarining 2015-yil 26-martdagi umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishi mamlakatimizda urush va mehnat fronti faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotganini tasdiqlovchi yana bir muhim hujjatdir.

Mazkur hujjat Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarni yuksak tashkiliy saviyada o‘tkazish, shuningdek, 1941–1945-yillardagi urushda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 70-yilligini nishonlash, urush va mehnat fronti faxriylariga e’tibor va g‘amxo‘rlikni yanada kuchaytirish, urush yillarida ular ko‘rsatgan matonat va jasoratni keng targ‘ib qilish maqsadida qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi tasdiqlandi. Ushbu tadbirlar “Jasorat, burch, matonat” shiori ostida o‘tkaziladi. Dasturni amalga oshirishda davlat organlari, jamoatchilik, ijtimoiy va tibbiyot muassasalari, madaniyat, san’at va sport namoyandalari, harbiy xizmatchilar muhim o‘rin tutadi.

9-may arafasida mamlakatimizda 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70-yilligi” esdalik yubiley medali va bir martalik pul mukofoti tantanali ravishda topshiriladi.

Bundan tashqari, 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, shuningdek, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan keksalar holidan xabar olinadi, ularga esdalik sovg‘alari topshirilib, tantanali tadbirlar va konsert dasturlari tashkil etiladi.

Ushbu shonli sanani bayram qilishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida urush va mehnat fronti faxriylari ko‘rsatgan matonat hamda jasorat ahamiyatini aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshiriladi.

Masalan, ta’lim muassasalari va harbiy qismlarda yoshlarni Vatanga muhabbat, ajdodlar jasoratiga sadoqat, keksalarni e’zozlash ruhida tarbiyalash maqsadida 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faxriylari va vakillari ishtirokida “Avlodlar uchrashuvi”, “Keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik”, “Xotira va qadr” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Oliy ta’lim muassasalarida “Tarixiy xotirasiz kelajak bo‘lmaydi” respublika ilmiy-amaliy videokonferensiyasi o‘tkaziladi. Mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan Tinchlik darslariga 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar taklif etiladi.

Bundan tashqari, ta’lim muassasalari va harbiy qismlarda urush va mehnat fronti faxriylari ishtirokida “O‘tmishsiz kelajak yo‘q”, “Qadr – aziz, xotira – muqaddas”, “Ajdodlarimiz jasoratini davom ettiramiz”, “O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi” mavzularida uchrashuvlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.

Umumxalq bayrami arafasida maktab, litsey va kollej o‘quvchilari, talabalar, yoshlar va harbiy xizmatchilarning Xotira maydoni, O‘zbekiston tarixi va Qurolli Kuchlar davlat muzeylari, Qatag‘on qurbonlari muzeyiga borishi rejalashtirilmoqda.

Markaziy tele va radiokanallar hamda hududiy teleradiokompaniyalarda “9-may – Xotira va qadrlash kuni” rukni ostida turkum hujjatli va badiiy filmlar, axborot dasturlarida lavhalar namoyish etiladi. Inson xotirasi aziz, o‘tganlar xotirasini qadrlash, qahramonlarimiz jasoratini teran anglash kabi xalqimizga xos muqaddas tushunchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ochib beradigan tok-shoular tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbarining farmoyishini amalga oshirish doirasida madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari, shuningdek, keksa avlod vakillari, 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishga qaratilgan tadbirlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Masalan, ijodiy guruhlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan konsert dasturlari, sahna asarlari va kinofilmlar namoyishini tashkil qiladi. Madaniyat va istirohat bog‘lari, ko‘cha va maydonlarda “Yer yuzida tinchlik uchun” shiori ostida teatrlashtirilgan tomoshalar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport tadbirlari o‘tkaziladi. Yoshlar o‘rtasida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan sport turnirlari va xayriya marafonlari bo‘lib o‘tadi.

1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, keksa otaxon va onaxonlar uchun bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari ishtirokida “Urush yillari ohanglari” konsert dasturi tashkil etiladi.

Mazkur hujjatga muvofiq, 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularga malakali va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, klinikalar, ilmiy-tadqiqot institutlarida davolanish uchun imtiyozli orderlar ajratish, doimiy ko‘maklashish, jumladan, uyida tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tibbiyot xodimini biriktirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Faxriylar birinchi yordam ko‘rsatish uchun zarur dori-darmonlar va tibbiy buyumlar solingan maxsus qutichalar, ambulatoriya sharoitida davolanishda shifokorlar ko‘rsatmasi bo‘yicha dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi. Shuningdek, 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga manzilli insonparvarlik yordami ko‘rsatish, imkoniyati cheklangan keksalarga nogironlik aravachalari, protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya texnik vositalarini ajratish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lidagi xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalaridan xabar olinadi, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, keksa otaxon va onaxonlar uchun mamlakatimizning tarixiy va diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtiriladi.

Muxtasar aytganda, faxriylarimizning munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratib berayotgan davlatimiz tomonidan ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, bugun ular tufayli mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda, hayotimiz farovon. Jang maydonlarida jon bergan, urushdan qaytmaganlarni eslash, bugun oramizda sog‘-salomat hayot kechirayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bizning muqaddas burchimizdir.