Gretsiya Bryusseldan mustaqil ravishda siyosat yuritishga urinishda davom etmoqda. Va bu “mustaqillik” uni Kremlgacha olib keldi: bugun bosh vazir Aleksis Sipras Rossiyaga to‘rt kunlik tashrif bilan Gretsiyaga ko‘rsatiladgan yordam masalasini muhokama qilish uchun yetib keladi. Bu haqda “Segodnya.ua” xabar berdi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

“Kommersant” gazetasining Rossiya hukumatidagi manbasiga tayanib bergan ma’lumotiga ko‘ra, muloqot mavzusi kreditlar, 2016-yildan boshlab gaz narxiga beriladigan chegirma va “ol yoki to‘la” shartlarining yengillashuvi bo‘lishi kutilmoqda.

2014-yilda gaz narxi 15 foizga tushirilgan edi, 2015-yilning ikkinchi yarim yilligida esa Gretsiya uchun gaz narxi 300 dollar qilib belgilab qo‘yiladi.

“Biz Gretsiya uchun yangi kreditlar ajratish imkoniyatlari borasida muzokaralarga tayyormiz. Shu bilan birgalikda Rossiya tomoni ham o‘z navbatida Gretsiyada aktivlarga egalik qilish masalalariga nisbatan qiziqish bildirmoqda”, – deya ma’lum qildi nashr suhbatdoshi.

Bugun ko‘pchilik muloqotdan qochayotgan Putin bilan uchrashuvga otlangan Gretsiya hukumati Berlin bilan tamomila nizo holatiga kirdi: Gretsiya moliya vazirligi Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar Germaniyasi tomonidan yetkazilgan zarar uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan tovon puli miqdorini hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, Germaniya Gretsiyaga 278,7 milliard yevro to‘lashi kerak. Shu bilan birga, Gretsiyaning xalqaro kreditorlar uchligidan 110 milliard yevro qarzdorligi ma’lum.