Aznur Travel kompaniyasiga tegishli Toshkentdagi ikki qavatli ekskursiya avtobuslari 15-apreldan boshlab har soatda qatnovga chiqadi. Bu haqda Gazeta.uz xabar bermoqda.

Foto: Gazeta.uz

Foto: Gazeta.uz

Dushanba va seshanba kunlari ekskursiya avtobuslari 9:00, 10:00, 12:00, 13:00, 15:00 va 16:00da, chorshanba, payshanba va juma kunlari soat 9:00dan 17:00gacha, shanba va yakshanba kunlari soat 9:00dan 18:00gacha har soatda yo‘nalish bo‘ylab harakatni boshlaydi.

Ikki qavatli avtobusdagi Toshkent ekskursiyasi shahar markazidagi “O‘zbekiston” mehmonxonasidan boshlanadi va 2 soat 45 daqiqa davom etadi.

Avtobusning bir kun davomida amalda bo‘ladigan chiptasi narxi O‘zbekiston fuqarolari uchun 25 ming so‘m (bolalar uchun 15 ming so‘m), chet el fuqarolari uchun esa Markaziy bank kursi bo‘yicha 20 dollar.

Eslatib o‘tamiz, 17-yanvar kuni Aznur Travel tomonidan dastlabki ikkita dabldeker Toshkent ekskursiyasi uchun sayyohlik yo‘nalishi bo‘ylab qatnovga chiqarilgan edi. 3-aprel kuni Xitoydan navbatdagi bir juft dabldeker yetib kelgani haqida xabar berilgan edi.

Sayyohlik kompaniyasi kelajakda ikki qavatli ekskursiya avtobuslari soni va ekskursiya yo‘nalishlarini ko‘paytirishni rejalashtirgan.