O‘tgan yilning dekabr oyida Toshkent hayvonot bog‘ida Masha ismli urg‘ochi ayiq bolalagan edi. Ularga Pamir va Gerkules deb ism qo‘yilgan bo‘lib, endilikda egizaklar hayvonot bog‘iga keluvchilar e’tiboriga ko‘rsatilmoqda, deb xabar berdi “Uz24.uz”. Ular shifokor-veterinarlarning doimiy nazoratida.

Foto: uz24.uz

Foto: uz24.uz

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i qo‘ng‘ir ayiqlarning kamyob turi hisoblanadi. Ular Pomir, Tyan-Shan, Himolay tog‘larida uchraydi. Ayiqlarning tana kengligi 140 sm, og‘irligi 300 kilogramgacha bo‘ladi. Asosiy ajralib turuvchi jihati − old panjalaridagi uzun oq tirnoqlaridir. Shu bois ularni oq tirnoqli ayiqlar ham deyishadi.

Ayiqlar reza mevalar, xo‘l mevalar, yong‘oq hamda hasharotlar bilan oziqlanadi. Ushbu egizak ayiqlarning ota-onasi hayvonot bog‘ida 10 yildan buyon yashaydi. Urg‘ochi ayiq ikki yilda bir marta bolalaydi. Bu safar u biryo‘la ikkita ayiqni dunyoga keltirdi. Qayd etish kerak, ushbu ayiq turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.